Bosh xizmatchi bor kuchi bilan Batorining oyogʻidan ushlab oldi. Tanasi sovuq marmar polga yopishgan, peshonasi deyarli yerga tekkan. Koʻzlari yuqoriga — Batorining yuziga qaragan.
— Iltimos, xonim… bu ish jiddiy tus olmasin… iltimos…
Ammo Batori uning qoʻlini shunchaki tepib oʻtdi. Poshnasi bosh xizmatkorning bilagiga tegdi. U ogʻriqdan seskanib, qoʻlini tortib oldi.
Batori toʻgʻri yangi xizmatchi tomon yurdi.
Yangi qiz hali ham nima sodir boʻlayotganini toʻliq anglab ulgurmadi. Koʻzlari katta ochilgan, lablari oqarib ketgan. Qoʻllari titraydi.
Batori toʻxtadi.
U shunchaki qoʻrqitib qoʻymoqchi emas edi. Ichida toʻplangan alam uni ichkaridan kuydirar edi. Kambagʻal, ammo chiroyli. Va ustiga-ustak… "ha" degan.
Bir lahza sukunat.
Soʻng tarsaki.
Qattiq, shafqatsiz zarba.
Ovoz zal ichida aks-sado berdi. Sham alangasi yana titradi.
Yangi xizmatchi yerga oʻtirib qoldi. Qoʻli darrov yuziga bordi. Qizarib borayotgan joyni ushladi. Koʻzlari yoshlanib, endi haqiqatan ham vaziyatni anglay boshladi.
Batori qoʻlini pastga tushirdi. Nafasi chuqur, ogʻir. Koʻkragi tez koʻtarilib-tushmoqda.
Uning gʻazabi endi yuzidan koʻzlariga oʻtgan edi. Koʻzlari qizargan, qarashi oʻtkir.
U hozir xonasiga yugurib chiqib ketishi mumkin edi. Yoki stolni agʻdarib, idishlarni sindirishi mumkin edi. Hamma oldida bo'ron koʻtarishi mumkin edi.
Ammo u bunday qilmadi.
U tik turdi. Tanasida titroq bor, lekin u oʻzini bosmoqda.
Bir necha soniya.
Soʻng keskin ovozda:
— Uni yertoʻlaga tashlang!
Bu safar u baqirdi.
Zalda turgan xizmatkorlar darrov harakatga tushdi. Ikki xizmatkor yangi qizni qoʻltiqlab, oyoqqa turgʻizdi. Qiz qarshilik koʻrsatolmadi. U hali ham yuzini ushlab turardi.
Yoʻlak boʻylab olib ketilayotganida shamlar devorga uzun soyalar tushirdi. Pastga — qorongʻu yertoʻlaga eltuvchi zinapoya sovuq va nam edi.
Oradan vaqt oʻtdi.
Batori yangi kelgan xizmatchini koʻrgan zahoti ichida nimadir siqilib ketadigan boʻldi. Uni koʻrsa gʻazablanardi. Uning borligi ham alam qilardi.
Shu sababli u qizga imkonsiz vazifalar bera boshladi.
— Uch soat ichida barcha uchun ovqat tayyor boʻlsin.
Yoki:
— Bugun barcha kirlarni oʻzing yuv.
Bu buyruqlar oddiy emas edi. Ularni bir odamning bir oʻzi bajarishi deyarli imkonsiz.
Yangi xizmatchi esa jim bajarishga urinardi. Qoʻllari yorilib ketar, koʻzlari uyqusizlikdan qorayar, oyoqlari titrar edi.
Albatta, u berilgan vaqtda bularni uddalay olmasdi.
Ammo uning baxtiga boshqa xizmatkorlar bor edi.
Batori kuzatmayotgan paytda ular sekin yordam berishardi. Kimdir kirning yarmini yuvib qoʻyar, kimdir sabzavotni toʻgʻrab qoʻyar, kimdir pechga qarab turar.
Ular buni oʻzlari uchun burch deb bilishardi.
Chunki oʻsha kechadagi vaziyatda faqat yangi qiz aybdor emas edi. Ularning jim turishi ham ayb edi. Vijdon esa tinch qoʻymasdi.
Shu tariqa, Batorining koʻzida barcha ogʻir ishlarni goʻyo yangi xizmatchining oʻzi bajarayotgandek koʻrinar edi.
Bu Batorini tinchlantirdimi?
Yoʻq.
Aksincha.
Har safar qiz ishni tugatganini koʻrsa, ichida yana alangalanardi. "Qanday qilib?" degan savol uni bezovta qilar edi.
Oxiri vaziyat shunday darajaga yetdiki, Batori endi jazolashni emas — undan butunlay qutulishni oʻylay boshladi.
Uni oʻldirish.
Bu fikr birinchi marta kelganda oʻzi ham seskanib ketdi. Ammo keyingi kunlarda bu fikr qayta-qayta miyaga urila boshladi.
Lekin hozir shunchaki buni qilish oson emas edi. Shaharga yangi zodagonlar kelgan. Har bir harakat kuzatuv ostida. Har bir mish-mish tez tarqaladi.
Shu sababli Batori kunlarini xonasida oʻtkaza boshladi. Eshik yopiq. Shamlar yonib turadi. Va toʻshagi tagidan olib chiqqan kichik kitob.
"Abadiy yoshlik sirlari."
Bir kuni u kitobni varaqlarkan, bir sahifada toʻxtab qoldi.
Sahifa chetlari qoraygan. Matn mayda yozilgan.
Unda shunday yozilgan edi:
"Goʻzallik — vaqt bilan soʻnadi. Ammo yosh qon — vaqtni sekinlashtiradi."
Batorining barmoqlari sahifa ustida muzlab qoldi.
Pastroqda esa yana satr bor edi:
"Eng kuchli taʼsir — begunohlik va yoshlik bilan uygʻunlashgan qon orqali amalga oshadi."
Xona ichida sukunat.
Sham alangasi asta tebranadi.
Batorining koʻzlari matndan uzilmadi.
U sekin oʻtirgan joyida tiklandi.
Yuragi sekin, ammo ogʻir ura boshladi.
Endi uning gʻazabiga yoʻl ham topilgandek
