Ertasi kuni.
— Ha, mayli, yaxshi. Endi ishga qaytsak, — dedi Artur va uyida yangi majlisni boshlab yubordi. — Xo'sh, kelinglar, asosiy mavzuni ko'rib chiqaylik.
— Demak, biz birinchi navbatda 4-o'lchamda umuman odam yashamaydigan, ammo tabiiy resurslarga boy bo'lgan joyga boramiz. U yerda esa reja asosida qurilish ishlarini boshlaymiz. Ammo buni boshlashimizga bir nechta muammo xalaqit qilmoqda.
— Xo'sh, qanday muammo? — so'radi kimdir.
Kronvel gap boshladi:
— Birinchidan, aholini qanday olib o'tamiz? Axir, tepada aholi kamayib qolishi tezda sezilib qoladi.
Netzer esa davom etdi:
— Ikkinchidan, har kuni qurilish ishlarini olib borish juda qiyin bo'ladi. Bundan tashqari, hozir bizda bunga yetarlicha motivatsiya ham yo'q… — dedi u xo'rsinib.
Kronvel yonida turgan choyga diqqat bilan qaragancha gap qotdi:
— Demak, bizga juda ko'p nekroman kerak bo'ladi. Masalan, men birdaniga nechta nekromanni boshqara olishimni bilmayman. Shu sababli nima qilishni bilmay hayronman.
Artur o'yga toldi:
— Hmm… bu muammolarni tezroq hal qilsak, tezroq 4-o'lchamga borgan bo'lardik. Bularning barchasi uchun kimda qanday fikr bor? Xo'sh, o'z vakolatingizdan kelib chiqib yaxshi fikr bildiring-chi!
Ammo hamma jim qoldi. Chunki hech kimda yaxshi fikr yo'q edi. Shu sababli Artur o'zi yondashuv topishi kerak edi.
— Hozir menda nekromaniya yo'q… — dedi u sekin. — Ammo buni qandaydir qilib bartaraf etish kerak. Men hali nekroman boshqara oladigan darajaga yetganim yo'q. Shunday ekan, nima qilsak bo'ladi, xo'sh…
U biroz sukut saqladi.
— Bizga juda ko'p nekroman kerak, chunki qurilish ishlari juda cho'ziladi. Ammo kam son bilan ham buni hal qilish mumkinmi? Bir tomondan mumkin, ammo buning uchun hamma juda kuchli bo'lishi kerak. Shu jumladan nekromanlar ham evakuatsiya qilingan bo'lishi shart…
Birdan Artur ko'zlari chaqnab ketdi.
— Ha… rostdan ham!
Artur to'satdan yechim topgandi.
Kronvel shubha bilan unga qaradi:
— Xo'sh, men nima deyishimni bilmayapman, janob Artur. Agar bu fikr ishlasa, xursand bo'laman. Ammo yana bir bor yaxshilab o'ylab ko'ring.
— Qarorim qat'iy, — dedi Artur sovuqqonlik bilan. — Yoki sen bunchalik tez va ko'p nekromanni qayerdan topish mumkin deb o'ylaysan, Kronvel?
— Men bunga qarshi emasman, — dedi Kronvel. — Ammo mayli, o'zingiz o'ylang. Agar qishloqqa qaytsak va sizdan "bularning barchasini qayerdan topdingiz?" deb so'rashsa, vijdoningiz qiynalmaydimi?
— Bu ishning vijdonga umuman dahli yo'q, — dedi Artur qat'iy ohangda. — To'g'ri, bu haddan oshish. Ammo biroz, xolos.
— Biroz?! — Kronvel ovozini ko'tardi. — Qabristondan o'lik o'g'irlash siz uchun "biroz"mi? Qanday odamsiz o'zi, janob?!
— Biz ularni o'g'irlamaymiz, — dedi Artur sovuqqon. — Shunchaki, qaytarib bermaslik sharti bilan olib turamiz.
— Janob, ikkisi ham bir xil narsa-ku!
Kronvel chuqur xo'rsindi.
— Heeh… mayli, agar siz shuni xohlasangiz. Ammo ulardan biri tushimga kirib qolsa, men sizni ayblab yuboraman, aytib qo'yay. Keyin ular sizni bir umr lanatlab o'tishadi. Shunda fikringizdan qaytarsiz balki?
— Hech qachon! — dedi Artur mag'rur ovoz bilan.
Shu tariqa, Kronvelning boshqa chorasi qolmadi va ishga kirishdi.
U qo'llarini oldinga cho'zdi. Qizil rangli sehr asta-sekin uning kaftlarida to'plana boshladi.
— Qani unda… boshladik!
